Porani bergan ham olgan ham jinoyatchi
Har qanday demokratik jamiyatning barqaror rivojlanishi va fuqarolarning davlat organlariga bo`lgan ishonchi, eng avvalo, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga amal qilish bilan chambarchas bog`liqdir. Shu nuqtai nazardan, korruptsiya va uning asosiy ko`rinishi hisoblangan pora olish hamda pora berish holatlari jamiyat taraqqiyotiga jiddiy tahdid soladi. Pora orqali mansabdor shaxsning xizmat vazifasiga daxldor qarorlariga ta’sir ko`rsatish, adolatsizlik va tenglik printsiplarini buzish nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy inqirozga ham olib keladi.
Shu sababli, pora olganlik va berganlik uchun javobgarlik masalasi har bir huquqiy davlatda, jumladan, O`zbekiston Respublikasida ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Quyida pora olish-berish uchun qanday javobgarlik mavjud ekanligiini tahlil qilamiz.
Jinoyat kodeksining 210-moddasiga ko`ra, pora olish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o`z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo`lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko`zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o`zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo`lishi BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora olish:
a) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari pora berish yoki pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlarini sodir etgan shaxs tomonidan;
b) ko`p miqdorda;
v) tamagirlik yo`li bilan;
g) bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo`lsa:
5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora olish juda ko`p miqdorda, uyushgan guruh manfaatlarini ko`zlab sodir etilgan bo`lsa, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jinoyat kodeksining 211-moddasida esa pora berganlik uchun javobgarlik belgilangan. Unga asosan, pora berish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning o`z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo`lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko`zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora berish:
a) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari pora olish yoki pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
b) ko`p miqdorda sodir etilgan bo`lsa, —
5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora berish juda ko`p miqdorda, uyushgan guruh manfaatlarini ko`zlab sodir etilgan bo`lsa, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Basharti, shaxsga nisbatan pora so`rab tovlamachilik qilingan bo`lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda 30 sutka mobaynida o`z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko`ngildan pushaymon bo`lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo`lsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, Qonun hamma uchun teng. Ya’ni pora olish uchun ham pora berish uchun ham javobgarlik muqarrar. Ushbu jinoyatlar nafaqat qonunga xilof harakat sifatida, balki jamiyatning ma’naviy ustunlariga qarshi qaratilgan og`ir illat sifatida baholanadi. Korruptsiyaga qarshi kurashishda faqat jazo choralari bilan cheklanib qolmasdan, balki fuqarolarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, davlat xizmatchilari o`rtasida shaffoflik va hisobdorlik tizimini takomillashtirish ham muhim vazifa hisoblanadi. Agar har bir fuqaro pora olish va berishning jinoiy oqibatlarini chuqur anglab yetsa, bunday illatning jamiyatdagi ta’siri tobora kamayib boradi.
Komplayns va korrupsiyaga qarshi kurash xizmati