30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan rahbar va yoshlar uchrashuvi o`tkazildi
30 iyun — O`zbekiston Respublikasida Yoshlar kuni sifatida har yili keng nishonlanadi. Mazkur sana mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, iqtidori va tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash maqsadida joriy etilgan. Bu kun 2017 yil 30 iyunda bo`lib o`tgan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida ilgari surilgan tashabbus asosida belgilangan bo`lib, keyinchalik O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 iyuldagi PF–5106-son «Yoshlarga oid davlat siyosatini samaradorligini oshirish va O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo`llab-quvvatlash to`g`risida»gi Farmoni bilan 30 iyun sanasi mamlakatimizda «Yoshlar kuni» deb e’lon qilindi.
Bugungi kunda mazkur bayram yoshlarning jamiyat hayotidagi o`rni va nufuzini yanada mustahkamlash, ularni ilm-fan, ta’lim, tadbirkorlik, madaniyat, sport va innovasion faoliyatga keng jalb etish, vatanparvarlik va fidoyilik ruhida tarbiyalash hamda ularning iqtidorini ro`yobga chiqarishga xizmat qiluvchi muhim sana sifatida nishonlanib kelinmoqda. Shu maqsadda joylarda bayram munosabati bilan qator tadbirlar o`tkazilmoqda.
Jumladan 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Sharg`unko`mir” AJ rahbariyati va yosh xodimlar ishtirokida ochiq muloqot va uchrashuv tadbiri tashkil etildi.
Tadbir avvalida korxona rahbari barcha yoshlarni bayram bilan samimiy tabriklab, mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va o`z salohiyatini namoyon etishi uchun amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to`xtalib o`tdi. Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bandligini ta’minlash hamda iqtidorini ro`yobga chiqarish borasida olib borilayotgan ishlar alohida e’tirof etildi.
Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar tinglanib, ularning ayrimlari yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi hamda amaliy yechimlar belgilandi. Tadbir samimiy va qiziqarli ruhda o`tib, ishtirokchilar o`z fikr va mulohazalarini erkin bildirish imkoniyatiga ega bo`ldilar.
Shuningdek, mehnat faoliyatida faollik ko`rsatayotgan va jamoat ishlarida namuna bo`lib kelayotgan bir guruh yoshlar tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Tadbir yoshlarni qo`llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag`batlantirish hamda jamoadagi faolligini yanada oshirishga xizmat qildi.
Quyida tadbirdan olingan fotolavhalar bilan tanishishingiz mumkin









