“30 iyun – Yoshlar kuni” bayrami o’tkazildi
25 iyun kuni «O’zbekiston temir yo’llari» AJ tasarrufidagi «Sharg’unko’mir» AJ «Ma’naviyat va ma’rifat» xonasida 30 iyun «yoshlar kuni» bayrami munosabati bilan «Rahbar va yoshlar» uchrashuvi va faol yoshlarni taqdirlash tadbiri bo’lib o’tdi.
Barcha MCHJ, filial, uchastka va bo’limlardagi eng faol yoshlar ishtirok etgan yig’ilishda, dastlab «Sharg’unko’mir» AJ bosh direktori Abdullayev Xamza Nayimovich yosh ishchi xodimlarni «Yoshlar kuni» bayrami bilan tabrikladi.
Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyevning so’zlari bilan boshlab, korxonada yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, ularning bo’sh vaqtini o’tkazish uchun ko’rilayotgan chora-tadbirlar, korxonadagi barcha jarayonlarga yoshlar jamoasining hissasi kattaligini, vatanparvar, faol, namunali, iqtidorli, o’zining fidoiyligi va mehnatsevarligini alohida e’tirof etdilar.
Shundan so’ng, kasaba uyushma qo’mitasi raisi M.X. Danayev so’zga chiqib jamiyatda faoliyat yuritib kelayotgan yoshlarni bayram bilan tabriklab, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik, kelajakdagi ishlariga ulkan zafarlar tiladi. Jamiyatda bo’layotgan bunyodkorlik ishlariga o’z hissalarini qo’shishlari lozimligini aytib o’tdi.
So’zga jamiyat yoshlar kengashi yetakchisi B.X.Qurbonov chiqib, hozirgi kunda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning tashabbuslari bilan yoshlarga yaratib berilayotgan ulkan imkoniyatlar, ularni har tomonlama qo’llab-quvvatlash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mustaqil O’zbekistonni ravnaq toptirishda yoshlarning o’rni haqida yoshlarga ma’lumot berdi.
«Sharg’unko’mir» AJ ma’muriyati va kasaba uyushmasi qo’mitasi tomonidan, jamiyatdagi eng faol xizmat qilib kelayotgan yosh ishchi-xodimlar tashakkurnoma va esdalik sovg’alar bilan taqdirlanishdi.
Yoshlardan so’zga chiqqan xodimlar ham tengdoshlarini bayram bilan tabriklab taqdirlanganlarni ishlariga omad va zafarlar tilashdi.