“Sharg`unko`mir”AJda KORRUPSIYANING OLDINI OLISHGA QARATILGAN PROFILAKTIK TADBIR O`TKAZILDI
Korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish, xodimlar o`rtasida halollik, poklik va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlash, shuningdek, korrupsiyaviy holatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida jamiyat Komplayens va koruptsiyaga qarshi kurash xizmati boshlig`i Sh.O.Xalilova boshchiligida tashkilot ishchi-xodimlari ishtirokida profilaktik tadbir o`tkazildi.
Tadbir davomida korrupsiyaning jamiyat va davlat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, uning oldini olishning ahamiyati, mehnat faoliyati davomida qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish hamda xizmat vazifalarini vijdonan va xolisona bajarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ishchi-xodimlarga korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari va ularni keltirib chiqaruvchi omillar, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlar yo`lida foydalanish, pora olish yoki berish kabi salbiy holatlarning huquqiy oqibatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Tadbirda har bir xodim o`z xizmat vazifalarini bajarishda qonun ustuvorligi, ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillariga amal qilishi, shaxsiy manfaatlar bilan xizmat majburiyatlari o`rtasidagi manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`ymasligi lozimligi ta’kidlandi.
Korrupsiyaviy holatlarga duch kelinganda belgilangan tartibda tegishli mas’ullarga xabar berish, qonunbuzilish holatlariga befarq bo`lmaslik hamda jamoada sog`lom ma’naviy-axloqiy muhitni saqlash muhim vazifalardan biri ekanligi qayd etildi. Bundan tashqari, xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini tushuntirish va mehnat jamoasida korrupsiyaning har qanday ko`rinishiga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida barcha ishchi-xodimlarni o`z faoliyatida halollik va mas’uliyatni ustuvor vazifa sifatida belgilashga, qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga hamda korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirildi. Mazkur profilaktik tadbir ishchi-xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi huquqiy bilim va tushunchalarini oshirish, jamoada shaffoflik va halollik muhitini mustahkamlash hamda korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.



