“Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizasiya qilish ishlari joriy yilda yakunlanadi
105 ko'rishlar

“Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizasiya qilish ishlari joriy yilda yakunlanadi

“Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizasiya qilish ishlari joriy yilda yakunlanadi.

Xabaringiz bor, joriy yil yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘mir va uran ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Unda, mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi o‘sishi bilan energiya quvvatlariga talab oshib borayotganiga to‘xtalib o‘tildi. Ushbu ehtiyojni ta’minlash uchun barcha manbalar qatori ko‘mir qazib olish hajmi kengaytirilgani va oxirgi besh yilda bu ko‘rsatkich yiliga 4 million tonnadan 5 million 300 ming tonnaga oshirildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yurtimiz hududida qariyb 2 milliard tonna ko‘mir zaxiralari mavjud. Davlatimiz rahbari bu salohiyatdan samarali foydalanib, ko‘mir qazib olish hajmini izchil oshirish vazifasini qo‘ygan edi. Taqdimotda shu borada qilinayotgan ishlar haqida axborot berildi. Xususan, joriy yilda “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizasiya qilish loyihasi yakunlanadi. Hozirgi kunda loyiha doirasida yer osti qurilish ishlari to‘liq yakunlandi. Tog‘-kon uskunalarining 90 foizi olib kelindi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ning o‘z mablag‘lari hisobidan “Sharg‘unko‘mir” AJ dan 10-sonli shtolnya sanoat maydonigacha 23 998 p.metr temir yo‘l izlari yotqizildi. Loyiha to‘liq amalga oshirilgandan keyin, yurtimizda yuqori sifatli ko‘mir qazib olish quvvati 900 ming tonnagacha oshadi. Prezidentimiz “Sharg‘un” va “Boysun” konlarini o‘zlashtirish orqali yuqori sifatli ko‘mir ishlab chiqarishni yanada kengaytirish imkoniyati borligini ko‘rsatib o‘tdi. Bu konlarga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Darvoqe, sohani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida so‘nggi 5-6 yilda mahsulot ishlab chiqarish hajmi 52 foizga oshganligini ko‘rishimiz mumkin. Ushbu maqsadlarga erishishda qabul qilingan tegishli Prezident Farmon va Qarorlari, ular doirasida qabul qilingan tartiblar alohida ahamiyat kasb etadi. Jumladan, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati va “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga o‘tkazish hamda ko‘mir sanoati korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish borasidagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-noyabrdagi PQ-3380-sonli qarori qabul qilingandan so‘ng “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida haqiqiy rivojlanish bosqichlari boshlandi. Bu asosiy ko‘rsatkichlarning yildan-yilga o‘sishi bilan o‘z isbotini topmoqda.

Bugungi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida 40-50° issiqlik quvvatiga ega, temirni ham eritishga qodir bo‘lgan 5200 dan 8100 kkal/kg miqdori va sifati jihatida o‘ta yuqori bo‘lgan ko‘mir mahsuloti qazib olinmoqda. Birgina Sharg‘un konining o‘zida ko‘mirning balans zaxirasi 33 million tonnani tashkil etmoqda. Statistik ma’lumotlarga nazar solsak, 1958-yildan 2021-yilga qadar qazib olingan ko‘mir 9 million tonnani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kungacha bo‘lgan tarixida eng yuqori ko‘mir qazib olish ko‘rsatkichlari 2019-yilda 245 ming tonna, 2020-yilda 264 ming tonna, 2021-yilda 275 ming tonna va 2022-yilda 282 ming tonnani tashkil etdi. Ishlab chiqarish hajmining yildan-yilga o‘sib borishi Jamiyatning moliyaviy ahvolini yaxshilanishiga va ko‘mir qazib olish tannarxini pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekison Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-yanvardagi PQ-2727-sonli “Aholining iqtisodiy farovonligini oshirish to‘g‘risida”gi qarori hamda “Loyihalashtirish quvvati 900 ming tonnani tashkil etuvchi “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizasiya qilishda investisiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq korxonada katta qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Barcha syexlar qayta rekonstruksiya qilinib, yangilari barpo etildi. Shunga muvofiq, “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini Modernizasiya qilish bo‘yicha mazkur yirik investisiya loyihasining buyurtmachisi sifatida Xitoyning “China Railway Tunnel Group Co., Ltd.” va “China Coal Technology & Engineering Group Corp.” kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi. Loyihaning umumiy qiymati 105,5 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Shu jumladan 89,8 mln. AQSH dollari esa bevosita XXR “Eksimbank” hisobidan olindi.

Ajratilayotgan mablag‘lar hisobiga yuqori ish unumdorligiga ega zamonaviy uskunalarni joriy etgan holda korxonaning texnik va texnologik bazasini qayta yangilash hamda ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, shu bilan bir qatorda ko‘mir qazib olish hajmini yiliga 900 ming tonnagacha oshirish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan. Buning natijasi o‘laroq, qazib olinayotgan har 1000 tonna ko‘mirga to‘kish hajmi va belgilangan harajatlar ulushini kamaytirish hisobiga ko‘mir qazib olishni tannarxini sezilarli darajada pasaytirish hamda zamonaviy texnika va texnologiyalarni jalb qilish hisobiga ko‘mirning operasion yo‘qotishlarini oldini olishga harakat qilinmoqda.

Modernizasiya loyihasi yakuniga yetkazilganidan so‘ng korxonadagi ishchi xodimlar sonini 536 nafardan 1015 nafargacha yetkazish, qo‘shimcha 500 ga yaqin yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash masalasi rejalashtirilgan. Shu bilan birga “2019-2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani va Sharg‘un shahrini kompleks rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-avgustdagi 711-sonli qaroriga asosan “Sharg‘unko‘mir” AJ tarkibida kichik korxonalar tashkil etilib, 60 nafarga yaqin aholi doimiy ish bilan ta’minlandi. Hozirgi kunda korxonada ishlayotgan xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi 6,3 million so‘mni tashkil qilib, 2020-yilga nisbatan 75 foizga oshishiga erishildi (2020 yil – 3,6 mln.so‘m).

Axborot-tahliliy media markazi

railway.uz сайти материаллари асосида тайёрланди