«Sharg’unko’mir» AJ bosh direktori Xamza Naimovich Abdullaevning O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 30 yilligiga bag’ishlangan tabrigi
Assalomu alaykum, aziz konchilar!
Barchangizni, sizlar orqali oilangizni bugungi ulug’ ayyom – mamlakatimiz Konstitusiyasi qabul qilinganining 30 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
O’ttiz yil – tarix uchun bir lahza, xolos. Shu qisqa davrda jonajon O’zbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o’rin egalladi, tom ma’noda ulkan taraqqiyot yo’lini bosib o’tdi.
Ana shu mashaqqatli va sharafli yo’lda erishgan barcha yutuqlarimizni, eng avvalo, Konstitusiyamiz bilan bog’lashimiz, albatta, bejiz emas. Nega deganda, asosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo’limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.
Bosh qonunimizni chuqur o’rganish, anglash, hayotga joriy etish va unga so’zsiz amal qilish – barchamizning sharafli burchimiz ekanligini hech birimiz esimizdan chiqarmasligimiz kerak.
Konstitusiyamizning bosh maqsadi – xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratish borasida qilingan va qilinajak ishlardir. Jamoatchilik va xalqaro ekspertlar fikrlari asosida soliq siyosatini takomillashtirish kontsepsiyasi qabul qilingani, unga muvofiq soliq stavkalari pasaytirilishi, ba’zi badal va to’lovlar bekor qilinishi, tadbirkorlikni rivojlantirish va ish o’rinlari yaratish rag’batlantirilishini ko’rsatadi.
Asosiy qonunimiz ikki marta – 1992 yil sentyabr va noyabr oylarida umumxalq muhokamasiga olib chiqildi. Loyihalar muhokamasida keng jamoatchilik, butun xalqimiz faol ishtirok etib, mamlakatimizning taraqqiyot yo’li, uning kelajagiga daxldor ko’plab fikr-mulohazalar va takliflar bildirdi.
Umumxalq muhokamasi yakunlariga ko’ra, Bosh qomusimiz loyihasiga 100 ga yaqin tuzatishlar kiritildi va 1992 yil 8 dekabr kuni Oliy Kengash sessiyasida O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi qabul qilindi.
Siz, azizlarni Konstitusiyamizning qutlug’bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, farzandlar, nabiralar baxtu kamolini ko’rishni tilayman.
Yaratganning o’zi yurtimizni balo-qazolardan asrasin, ezgu ishlarimizda doimo madadkor bo’lsin!