Qurbon hayiti munosabati bilan “Shargʻunkoʻmir” AJ kasaba uyushma qo’mitasi raisi M.X.Danayevning bayram tabrigi!
199 ko'rishlar

Qurbon hayiti munosabati bilan “Shargʻunkoʻmir” AJ kasaba uyushma qo’mitasi raisi M.X.Danayevning bayram tabrigi!

Muhtaram Konchilar!

Sizlar butun musulmon ummati bilan birgalikda katta shodu xurramlik ila kutib olayotgan Qurbon hayiti bilan goʻzal diyorimizdagi barcha moʻminlarni, Siz Konchilarni chin qalbimdan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni bildiraman.

Asrlar davomida el-yurtimizning maʼnaviy hayotida beqiyos oʻrin egallab, jamiyatimizda oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va bagʻrikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlab kelayotgan ushbu qutlugʻ bayram barchamizga muborak boʻlsin! 

Mana shunday shukuhli va saodatli ayyomda hammamiz avvalo Alloh taboraka va taologa beadad shukronalar aytishimiz tabiiydir.

Fuqarolarimiz uchun yaratilgan yangi imkoniyat va sharoitlar tufayli ushbu moʻʼtabar va ulugʻ ayyom kunlarida Makkai mukarramada muqaddas haj amallarini ado etayotgan 10 mingdan ziyod vatandoshlarimiz bugungi tinch-osoyishta, erkin hayot uchun Parvardigori olamga hamdu sanolar aytib, yurtimizga ravnaq, xalqimizga xayr-baraka soʻrab, duoi fotihalar qilishmoqda.

Hojilarimizning barchasini samimiy muborakbod etib, ularning ona diyorimizga sogʻ-salomat qaytib kelishlarini tilaymiz.

Yaratganning neʼmatlari ziyoda boʻlayotgan va shukronalik hislari qalblarimizni nurafshon qilayotgan ushbu ayyomda uzoq va yaqin hududlarda joylashgan barcha musulmonlarni qutlab, ularga tinchlik va farovonlik yor boʻlishini tilayman.

Hurmatli kasbdoshlar!

Barchangizni Qurbon hayiti bayrami bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.

“Diling – Allohda, qoʻling – mehnatda boʻlsin”, degan olijanob eʼtiqod bilan yashayotgan Siz Konchilarimiz doimo omon boʻlinglar!

Jonajon Vatanimiz, xonadonlaringizdan xotirjamlik, ahillik, fayzu baraka hech qachon arimasin!

Ezgu intilish va ishlarimizda Yaratganning oʻzi hamisha madadkor boʻlsin!

“Shargʻunkoʻmir” AJ Kasaba uyushma qoʻmitasi raisi

M.X.Danayev