“Sharg`unkumir” AJda 2026–2028 yillarga mo`ljallangan Jamoa shartnomasi tasdiqlandi
“Sharg`unkumir” AJda xodimlarning mehnat va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda ijtimoiy sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjat — 2026–2028 yillarga mo`ljallangan Jamoa shartnomasi tasdiqlandi.
Jamoa shartnomasini tasdiqlashga bag`ishlangan yig`ilishda korxona rahbariyati, kasaba uyushmasi vakillari hamda mehnat jamoasi a’zolari ishtirok etdi.
Yig`ilishda ta’kidlanganidek, Jamoa shartnomasi ish beruvchi va xodimlar o`rtasidagi mehnat munosabatlarini tartibga solish, xodimlarning mehnat huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularga yaratilgan ijtimoiy kafolatlarni yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda Iqtisoidyot va moliya bo`yicha bosh direktor o`rinbosari Shoymatov Jamoliddin Yusupovich so`zga chiqib 2023-2025 yillar uchun tuzilgan Jamoa shartnomasini 2025 yildagi ijrosi yuzasidan hisobotini o`qib eshittirdi.
Shuningdek jamiyat Kasaba uyushmasi qo`mitasi raisi M.X.Danayev so`zga chiqib 2023-2025 yillar uchun tuzilgan Jamoa shartnomasining 2025 yildagi kasaba uyushmasi tomonidan ijrosi yuzasidan hisobotini o`qib eshittirdi.
Shundan so`ng Iqtisodiyot va prognozlashtirish bo`limi boshlig`i R.I.Sattorov 2026–2028 yillarga mo`ljallangan Jamoa shartnomasi loyihasini o`qib eshittirdi.
Yig`ilish davomida ishtirokchilarga 2026–2028 yillarga mo`ljallangan Jamoa shartnomasining mazmun-mohiyati, unda belgilangan huquq va majburiyatlar, xodimlarga beriladigan ijtimoiy kafolatlar hamda mehnat sharoitlariga oid masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Xodimlar tomonidan Jamoa shartnomasiga doir turli savollar berildi. Xususan jamiyat elektrochilangari Xasanov Xursan va ta’mirlovchi mexanik Normurodov Saidbeklar tavsiya etilayotgan jamoa shartnomasi bo`yicha o`zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
Mas’ullar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan masalalar bo`yicha tegishli tushuntirishlar taqdim etildi.
Jamoa shartnomasida mehnatga haq to`lash, xodimlarni rag`batlantirish, mehnatni muhofaza qilish, xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash, kasbiy malaka oshirish, ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, sog`lomlashtirish va boshqa ijtimoiy masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Tadbir yakunida 2026–2028 yillarga mo`ljallangan Jamoa shartnomasi jamiyat a’zolariga tasdiqlash uchun muhokamaga qo`yildi va jamiyat a’zolari tomonidan yakdillik bilan tasdiqlandi. Yangi Jamoa shartnomasi “Sharg`unkumir” AJda xodimlar uchun munosib mehnat va ijtimoiy sharoitlarni ta’minlash, mehnat jamoasida barqarorlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.








