Bozor mexanizmlari va ko‘mir sanoati: yangi imkoniyatlar, yangi mas’uliyat
Mamlakatimizda energiya resurslariga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Aholi sonining ko‘payishi, iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmlarining kengayishi, yangi korxona va ob’ektlarning barpo etilishi energiya ta’minoti barqarorligiga qo‘yilayotgan talabni yanada oshirmoqda.
Qaror va ijro
Bunday sharoitda ichki energiya resurslaridan samarali foydalanish, mavjud imkoniyatlarni kengaytirish va aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlarini ishonchli yoqilg‘i bilan ta’minlash mamlakat energetika xavfsizligining muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Ayniqsa, tabiiy gaz tarmog‘i yetib bormagan yoki gaz ta’minoti imkoniyatlari cheklangan hududlarda mahalliy ko‘mirdan foydalanish aholi va ayrim iste’molchilar uchun qulay hamda iqtisodiy jihatdan maqbul muqobil manba bo‘lib qolmoqda.
Ana shunday sharoitda ko‘mir sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, uning ishlab chiqarish salohiyatidan yanada samarali foydalanish va tarmoqda bozor mexanizmlarini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyul “Ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ko‘mir sanoati uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatdir. Unda mahalliy ko‘mir narxlarini erkinlashtirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ko‘mir qazib chiqarish va yetkazib berishni bozor tamoyillari asosida tashkil etish bilan birga, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashning aniq mexanizmlari belgilangan.
Qarorning ahamiyati shundaki, u ko‘mir sanoatida shunchaki narxni erkinlashtirishni emas, balki ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarni yangi iqtisodiy asosga o‘tkazishni nazarda tutadi. Bu ko‘mir sanoatida raqobatni kuchaytirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, mahsulot sifatini yaxshilash uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Eng muhimi, bozor mexanizmlariga o‘tish iste’molchining ham rolini o‘zgartiradi. Endi u faqat belgilangan tartibda ko‘mir oluvchi emas, balki narx, sifat va xizmat ko‘rsatish shartlarini solishtirib, o‘zi uchun maqbul taklifni tanlaydigan faol ishtirokchiga aylanishi kerak.
Shu bois mazkur qarorni ko‘mir narxining erkinlashishi bilan cheklangan o‘zgarish sifatida emas, tarmoqni rivojlantirish, raqobatbardosh ishlab chiqarishni shakllantirish va iste’molchi manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan yangi bosqich sifatida baholash lozim.
Talab ortmoqda, taklif ham shunga yarasha bo‘lishi kerak
2017–2026-yillar davomida respublikada yillik ko‘mir qazib chiqarish hajmi qariyb 4 million tonnadan 10 million tonnagacha yetkazilmoqda. 2026-yil yanvar-iyul oylarida ko‘mir sanoati korxonalari tomonidan 4,4 million tonna ko‘mir qazib chiqarilib, davriy reja 100 foiz bajarildi. 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumida respublikada jami 11 million tonna ko‘mir qazib chiqarish ko‘zda tutilgan. Shundan 7 million tonnasi “O‘zbekko‘mir” AJ, 4 million tonnasi “Sharg‘unko‘mir” AJ va tadbirkorlik sub’ektlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Sohada xususiy sektor ishtirokining kengayishi ham muhim jarayon. 2025-yilda 16 ta tadbirkor tomonidan 1 million 416,3 ming tonna ko‘mir qazib chiqarilib, respublika iste’molchilariga yetkazib berilgan. 2026-yilda tadbirkorlar tomonidan ko‘mir qazib chiqarish hajmini 2 million 554 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Demak, bir tomondan, talab ortib bormoqda, ikkinchi tomondan esa bozorda taklif va ishlab chiqaruvchilar soni ko‘paymoqda. Bu esa ko‘mir sanoatida raqobat muhitini yanada kuchaytirish uchun zarur shart-sharoitni yuzaga keltirmoqda.
Bugun jamiyat tizimida 6 mingga yaqin ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda. Korxonada ko‘mir asosan ochiq usulda qazib olinadi. Konlarni ochish, ko‘mir qazib olish, tashish va ishlab chiqarish jarayonlarida avtomobil, temir yo‘l hamda konveyer transportlaridan foydalaniladi. Bularning har biri uzluksiz ishlashi, bir-biri bilan uyg‘unlashishi mamlakat iste’molchisini barqaror yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun muhim.
Shuning uchun “O‘zbekko‘mir” AJ uchun asosiy vazifa faqat ko‘proq mahsulot qazib olishdan iborat bo‘lmay ko‘proq hajm bilan birga yuqori sifat uchun ham ishlash lozim. Chunki bozor sharoitida iste’molchining talabi o‘zgaradi. U mahsulotni shunchaki xarid qilishni emas, o‘ziga mos, sifatli va iqtisodiy jihatdan samarali mahsulotni tanlashni xohlaydi.
Sifat – raqobatning asosiy mezoni
Bozorda raqobatning kuchayishi “O‘zbekko‘mir” uchun xavf emas, aksincha, o‘z salohiyatimizni yanada to‘liq namoyon etish uchun rag‘batdir. Raqobat sharoitida ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotining sifatini oshirish, tannarxni optimallashtirish, texnologiyalarni yangilash va iste’molchi talabiga moslashishga majbur bo‘ladi. Endi qanday ko‘mir qazib olish emas, iste’molchiga qanday ko‘mir kerakligi muhimdir.
Qaror bilan ko‘mir narxlarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotining bekor qilinishi sohadagi munosabatlarni tubdan o‘zgartiradi. Biroq erkin narxni “istagancha narx belgilash” deb tushunish mumkin emas.
Bozorda narx talab va taklif, mahsulot sifati, ishlab chiqarish samaradorligi, tannarx, logistika va raqobat kabi omillar ta’sirida shakllanadi. Shu bilan birga, narxlarning erkinlashtirilishi ishlab chiqaruvchilar uchun yangi iqtisodiy rag‘batlarni yuzaga keltiradi.
Samarali ishlagan korxona o‘z mahsulotini raqobatbardosh narxda taklif etish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi konlarni o‘zlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Boshqacha aytganda, bozor mexanizmi tarmoqqa nafaqat raqobat, balki rivojlanish uchun iqtisodiy rag‘bat ham olib kiradi.
Narx erkinlashgan sharoitda iste’molchining tanlov huquqi alohida ahamiyat kasb etadi. Aholi bir nechta taklifni ko‘rishi, ularning narxi, sifati va yetkazib berish shartlarini solishtirishi hamda o‘zi uchun maqbul variantni tanlashi kerak. Shunda raqobat haqiqiy mazmun kasb etadi. Sotuvchi xaridor uchun kurashadi. Ishlab chiqaruvchi sifat uchun kurashadi. Xizmat ko‘rsatuvchi esa tezkorlik va qulaylikni oshirishga intiladi. Bizningcha, bozorning asosiy afzalligi ham shunda.
Ijtimoiy himoya – bozor islohotining muhim qismi
Bozor mexanizmlariga o‘tishda ijtimoiy jihatni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Ayniqsa, daromadi cheklangan oilalar uchun ko‘mir narxining o‘zgarishi muhim ahamiyatga ega.
Vazirlar Mahkamasining 418-son qarorida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga interaktiv portal orqali xarid qilingan har bir tonna ko‘mir uchun 300 ming so‘mdan, biroq bir taqvim yilda 600 ming so‘mdan oshmagan miqdorda kompensatsiya to‘lash mexanizmi belgilangan. Bu yondashuvning ahamiyati shundaki, bozordagi umumiy narxni sun’iy ravishda past ushlab turish o‘rniga, davlat ko‘magi aynan unga muhtoj oilalarga manzilli yo‘naltiriladi.
Demak, bozor samaradorligi bilan ijtimoiy himoyani bir-biriga qarshi qo‘yish shart emas. Aksincha, ularni bir tizimda uyg‘unlashtirish mumkin. Bozorda bizga eng katta bahoni iste’molchi beradi. Ko‘mir sanoatidagi yangi bosqichni faqat qazib olingan million tonna ko‘rsatkichi bilan baholab bo‘lmaydi.
“O‘zbekko‘mir” AJ oldidagi vazifa aniq: mamlakat energetika xavfsizligiga o‘z hissamizni qo‘shish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining ko‘mirga bo‘lgan ehtiyojini barqaror ta’minlash, ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan birga mahsulot sifatini yaxshilash, yangi markalarni o‘zlashtirish, texnologiyalarni modernizatsiya qilish va iste’molchi ishonchini mustahkamlash.
Nodirbek DUSMATOV,
“O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktori
uza.uz saytidan olindi