• info@sharguncoal.uz
  • Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani, Sharofobod MFY Minor ko`chasi, 35 uy
 Korrupsiyaga qarshi  kurashishida barcha mas’ul!

Korrupsiyaga qarshi  kurashishida barcha mas’ul!

Ma’lumki, 2025-yil 26-dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va ko`p millatli xalqimizga Murojaatnoma bilan chiqqan edi.

Murojaatnomaning asosiy mavzularidan biri sifatida korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli jamiyat yaratish ustivor vazifalardan biri sifatida qayd etilgan. Xususan ushbu Murojaat asosida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining qarori ham qabul qilingan. Qarorda korrupsiyaga qarshi kurashish, sohalar va tarmoqlardagi ma’muriy-byurokratik to`siqlarni hamda korrupsiyaviy omillarning kelib chiqish sabablarini aniqlash yo`nalishlaridagi nazorat-tahlil tadbirlarini yanada kuchaytirish vazifalari belgilab qo`yilgan.

O`tgan davr ichida yurtimizda faoliyat yuritayotgan tashkilot va korxonalarda Korrupsiyaga qarshi kurashda barchaning faolligini oshirish yuzasidan tushuntirishlar berishga qaratilgan qator tadbirlar bo`lib o`tmoqda.

Jumladan, joriy yilning 25-may kuni “Sharg`unko`mir” AJda Quyi texnologik majmuaning «Temir-yo`l transporti» uchastkasi, «Ko`mirni qabul qilish, saralash, boyitish va yuklash» uchastkasi  hamda «Sifat nazorati, standartlashtirish  va metrologiyaga muvofiqlashtirish» uchastkasida “Korrupsiyaga qarshi  kurashishida barcha mas’ul!” mavzusida seminar tadbiri bo`lib o`tdi.

Tadbirda Komplayens va korrupsiyaga qarshi kurash xizmati boshlig`i Shaxnoza Xalilova va jamiyat ishchi-xizmatchi xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda  korrupsiyaning mazmun-mohiyati, jamiyatga tug`diradigan tahdidi, unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.

– Korrupsiya – demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga, fuqarolarning davlat va hokimiyat organlariga bo`lgan ishonchiga putur yetkazadi. Inson huquqlarining poymol bo`lishiga olib keladi,  bozor iqtisodiyotining rivojlanishiga va biznesdagi halol raqobatga to`sqinlik qiladi. Alohida sohalar va faoliyat turlarining monopollashuviga olib keladi, byudjet mablag`larini cheksiz miqdorda noqonuniy o`zlashtirishga shart-sharoit yaratib beradi. Oddiy insonlarning hayot kechirish sifatini yomonlashtiradi, jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni keltirib chiqaradi, kambag`al, qashshoq va nochor fuqarolar soni keskin ko`payib ketadi. Uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa huquqbuzarliklar uchun sharoit yaratib beradi va boshqa ko`plab salbiy oqibatlarga olib keladi, deydi- Sh.Xalilova. 2026-yil 20-aprel kunida Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo`llagan murojaatnomasida 2026-yilni korrupsiyaga qarshi kurashishda “favqulotda holat” deb e’lon qilindi. Ustivor vazifa sifatida davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni oshirish, komplayens nazoratni kuchaytirish, qonunchilik ustivorligini ta’minlash va barcha sohalarda “korrupsiyasiz hudud” tamoilini joriy etish belgilandi.

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlisga va ko`p millatli xalqimizga yo`llagan Murojaatnomasida ham korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muhim chora-tadbirlar belgilab berildi. Xususan, endilikda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-son Farmoniga ko`ra, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni Agentlik tomonidan himoya orderini taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi.

– Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga munosib hissa qo`shgan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda faol fuqarolarni rag`batlantirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo`shgan hissasi uchun” ko`krak nishoni ta’sis etiladi. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etiladi. Tadbirda yana bir bor barcha ogohlikka chorlandi va ishtirokchilariga “Sharg`unko`mir”AJning Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati aks ettirilgan eslatma broshuralari tarqatildi.