Yagona Vatan, yagona xalq bo`lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi — xalqimiz hayotidagi eng ulug` va qutlug` sanalardan biridir. Mustaqillik biz uchun nafaqat tarixiy sana, balki milliy o`zligimizni anglash, erkin va farovon hayot qurish, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg`usini yanada mustahkamlash ramzidir.
O`tgan 35 yil davomida O`zbekiston o`z taraqqiyot yo`lini belgilab, ulkan va salmoqli natijalarga erishdi. Mamlakatimizda zamonaviy shaharlar va yangi infratuzilmalar barpo etildi, ta’lim, tibbiyot, sanoat, qishloq xo`jaligi, tadbirkorlik va boshqa sohalarda keng ko`lamli islohotlar amalga oshirildi. Eng muhimi, yurtimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda zamonaviy sanoat tarmoqlari tashkil etildi, yuzlab yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyat boshladi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylandi, raqamli iqtisodiyot, elektron davlat xizmatlari va innovatsion texnologiyalar jadal rivojlanmoqda, xorijiy investitsiyalar hajmi sezilarli darajada oshdi.
Natijada yuz minglab yangi ish o`rinlari yaratildi, aholining daromad manbalari kengaydi.
Aholi farovonligi yuksalmoqda
Mustaqillik yillarida inson qadrini ulug`lash davlat siyosatining ustuvor yo`nalishiga aylandi.
Buning natijasida yangi maktablar, bog`chalar va oliy ta’lim muassasalari barpo etildi, zamonaviy shifoxonalar va oilaviy poliklinikalar tashkil qilindi, ijtimoiy himoya tizimi takomillashtirildi, kam ta’minlangan oilalarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha yangi mexanizmlar joriy etildi, yangi turar joylar qurilishi keng quloch yoydi.
Bugun aholi uchun davlat xizmatlarining aksariyati elektron shaklda ko`rsatilmoqda, bu esa vaqt va mablag`ni tejashga xizmat qilmoqda.
Sportda jahon e’tirofi
O`zbekiston mustaqillik yillarida sport sohasida ham katta yutuqlarga erishdi.
Yurtimiz sportchilari, Olimpiya va Paralimpiya o`yinlarida tarixiy natijalarni qayd etdi, jahon va Osiyo chempionatlarida yuzlab oltin, kumush va bronza medallarini qo`lga kiritdi, boks, dzyudo, kurash, og`ir atletika, taekvondo, qilichbozlik va boshqa sport turlarida dunyoda munosib o`rin egalladi.
Joylarda qurilgan zamonaviy sport inshootlari yoshlarning sport bilan muntazam shug`ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratdi.
Infratuzilma va shaharsozlikda yangi bosqich
Mustaqillik yillarida mamlakatning qiyofasi tubdan o`zgardi.
Zamonaviy avtomobilь yo`llari, temir yo`llar, ko`priklar, aeroportlar, turar-joy majmualari, yangi shaharchalar va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari barpo etildi.
«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida millionlab daraxtlar ekilib, ekologik barqarorlikni ta’minlash bo`yicha muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Yoshlar — Yangi O`zbekistonning tayanchi
Yoshlarning bilim olishi, kasb egallashi va o`z iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Prezident maktablari, ijod maktablari, yangi universitetlar, zamonaviy IT-parklar va innovatsion markazlar mamlakat intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Yoshlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha davlat dasturlari orqali minglab loyihalar moliyalashtirilib, ularning tadbirkorlik faoliyati rag`batlantirilmoqda.
«Yagona Vatan, yagona xalq bo`lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» degan ezgu shior bugungi taraqqiyotimizning mazmun-mohiyatini ifodalaydi. Chunki Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi barchamizning umumiy maqsadimizdir. Turli kasb va sohalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni birlashtiradigan eng buyuk kuch ham — Vatanga muhabbat va yagona maqsad sari intilishdir.
Bugun yoshlarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ular zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi, xorijiy tillarni o`rganishi, ilm-fan, texnologiya, sport va san’at sohalarida o`z iqtidorini namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Yosh avlodning bilimli, vatanparvar va tashabbuskor bo`lib kamol topishi O`zbekistonning ertangi taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Mustaqillik bizga o`z taqdirimizni o`zimiz belgilash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va kelajak avlod uchun munosib hayot barpo etish imkonini berdi. Shu bois har bir fuqaro o`z mehnati, bilimi va tashabbusi bilan yurt taraqqiyotiga hissa qo`shishi kerak. Zero, buyuk kelajak faqat hamjihatlik, fidoyilik va mas’uliyat bilan yaratiladi.
O`zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida «Yagona Vatan, yagona xalq» g`oyasi barcha ezgu maqsadlarni birlashtiruvchi muhim omildir. Biz bir tanu bir jon bo`lib, tinchlik va osoyishtalikni qadrlasak, halol mehnat qilsak, yosh avlod tarbiyasiga e’tibor bersak, yurtimizni yanada obod va farovon mamlakatga aylantirishga munosib hissa qo`sha olamiz.
Davlat mustaqilligining 35 yilligi barchamizni Vatanga bo`lgan mehr-muhabbatimizni yanada kuchaytirishga, milliy g`urur va faxr tuyg`ularimizni yuksaltirishga undaydi. Mustaqil O`zbekistonimizning ravnaqi, xalqimizning tinch va farovon hayoti, farzandlarimizning yorug` kelajagi yo`lida birlashib, yangi marralarni zabt etish — barchamizning muqaddas burchimizdir.
Yagona Vatan — umumiy uyimiz. Yagona xalq — buyuk kuchimiz. Yangi hayot va porloq kelajak esa birgalikdagi ezgu mehnatimiz samarasidir!