Onlayn ro`yxatdan o`tish bosqichida qatnashmagan fuqarolar qanday tarzda ro`yxatdan o`tishadi?
Prezidentimizning 2025 yil 19 sentyabrdagi «O`zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo`jaligini ro`yxatga olish tadbirini o`tkazish to`g`risida»gi farmoni asosida mazkur tadbir 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar o`tkaziladi. Aholini ro`yxatga olish aholi to`g`risidagi ishonchli ma’lumotlarning asosiy manbai bo`lib, kelgusi 10-20 yillik ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni prognoz qilish uchun zarur bo`lgan muhim ko`rsatkichlarni aniqlash imkonini beradi.
Bugun onlayn ro`yxatdan o`tishning so`nggi kuni. Barcha fuqarolarni savolnomani to`liq va aniq to`ldirib, ushbu muhim umummilliy tadbirda faol ishtirok etishga chaqiramiz. Savolnomani to`g`ri va to`liq to`ldirgan fuqarolar sovrinli o`yin ishtirokchisi bo`lib, turli sovg`alar sohibi bo`lishmoqda.
2026 yil 31 yanvar soat 19:00 holatiga ko`ra, census.stat.uz portali orqali mamlakatimizda jami xonadonlarning 81,8 foizida istiqomat qiluvchi, ya’ni 29,9 million nafardan ortiq fuqaro onlayn ro`yxatdan o`tdi.
Aholi va qishloq xo`jaligini ro`yxatga olish tadbirining birinchi bosqichi — onlayn ro`yxatdan o`tish jarayonlari bugun tungi soat 00:00 holatiga yakunlanadi. Agar siz bugun tungi soat 00:00 da census.stat.uz portaliga kirishga ulgurib qolgan bo`lsangiz, tizim sizni chiqarib yubormaydi va sizga savolnomani to`liq hamda xotirjam to`ldirish imkoniyati beriladi Onlayn ro`yxatdan o`tish bosqichida qatnashmagan fuqarolar uchun Aholi va qishloq xo`jaligini ro`yxatga olish tadbirining ikkinchi bosqichida “Mahalla yettiligi” vakillari uyma-uy yurib, ma’lumotlarni planshet qurilmalari orqali census.stat.uz platformasiga kiritishadi