Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzaning dastlabki muhokamasi o’tkazildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzaning dastlabki muhokamasi o’tkazildi

Joriy yilning 6-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining yig‘ilishida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy maʼruzasi (Milliy maʼruza) ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov axborot berdi.

Yig‘ilishda korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilishga qaratilgan izchil choralar bilan bir qatorda davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq omillarni to’liq bartaraf etish, davlat xaridlarini tartibga solishni takomillashtirishga oid ayrim muammo va kamchiliklarga to‘xtalib o‘tildi. 

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar hamda Milliy maʼruzada korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha ilgari surilayotgan bir qator takliflar atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilish doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy maʼruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Agentlik hamda Qo‘mita o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Memorandum doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘zaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirishga doir qator  vazifalar belgilangan.

Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini yanada takomillashtirish, qonun hujjatlarida korrupsiyaga olib keluvchi omillarni bartaraf etish choralari ko‘rib boriladi.

Parlament nazoratini amalga oshirish orqali joylarda korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarning ijrosini o‘rganiladi, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni ortgan sohalar hamda davlat organlarida korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘mita eshituvlari o‘tkaziladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati rasmiy saytidan olindi