Davlat xaridlarida narxlarni sun’iy oshirishga qarshi yangi mexanizm joriy etilmoqda
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026 yil 22 iyunda «O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish to`g`risida»gi O`RQ-1155 sonli Qonuni (https://lex.uz/docs/8282286) imzolandi.
Ushbu Qonun bilan davlat xaridlari sohasida narxlarning asossiz oshirilishining oldini olish, byudjet mablag`laridan samarali foydalanish hamda korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishga qaratilgan o`zgartishlar kiritildi.
Xususan, “Davlat xaridlari to`g`risida”gi qonunning 33-moddasiga kiritilgan qo`shimchalarga muvofiq, davlat xaridlarida sotib olinadigan tovarlar va xizmatlar narxi hamda ularning o`rtacha bozor narxi o`rtasidagi eng ko`p yo`l qo`yiladigan tafovutni belgilash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Endilikda davlat buyurtmachilari davlat xaridlarini amalga oshirishda boshlang`ich narxni shakllantirish bo`yicha belgilangan talablarga rioya qilishi shart.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilgan qo`shimchalarga muvofiq, davlat xaridi predmetining boshlang`ich narxi va uning o`rtacha bozor narxi o`rtasida yo`l qo`yiladigan tafovutning eng ko`p miqdoriga nisbatan belgilangan talabni buzish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Mazkur huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solinadi. Mazkur o`zgartishlar davlat xaridlarida boshlang`ich narxlarni bozor narxlariga mos va asosli shakllantirish, byudjet mablag`larining maqsadli sarflanishini ta’minlash hamda xarid jarayonlarida ochiqlik va mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Qonunga muvofiq, davlat xaridlarida tovar va xizmatlarning o`rtacha bozor narxini aniqlash, narxlar o`rtasidagi eng ko`p yo`l qo`yiladigan chegarani belgilash hamda ushbu jarayon ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Ushbu Qonun bilan 3 ta kodeks va 5 ta qonunga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi, jumladan:
- Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestri yuritilishi belgilandi.
- Jinoyat kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga ta’rif berilib, unga 18 turdagi jinoyatlar kirishi belgilandi.
- Huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo`lgan yangi institut – komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining qonuniy asoslari yaratildi. Ularning vakolatlari, huquq va majburiyatlari qonun bilan o`rnatildi.
- Qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda eng quyi maishiy korrupsiyadan tortib, yuqori darajadagi mansabdor shaxslar orasidagi jinoyatchilikka qarshi amaliy mexanizmlar belgilandi.
- Komplayens tuzilmalarning mustaqil va ta’sirchan ishlashini ta’minlash uchun ushbu bo`linmalar xodimlarining xavfsizlik kafolatlari o`rnatildi.
- Komplayens tuzilmalari barcha davlat organlarida tashkil etilib, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini olib boruvchi tuzilmalarning o`zida ham komplayens-nazorati tizimi olib boriladi.
- Komplayens tuzilmalarining butun faoliyati Prezident Administrasiyasining Komplayens xizmati tomonidan muvofiqlashtiriladi. Endilikda korrupsiyaga qarshi tarqoq holda kurashish emas, yagona tizim asosida yaxlit tuzilma sifatida ish olib boriladi.
- 5 turdagi korrupsion jinoyatlar uchun jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog`i bilan almashtirish qoidalari qo`llanilmasligi belgilandi.
- Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har bir davlat organi va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish vazifasi yuklatildi.
- “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi Qonunda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha milliy kengash, hududiy kengashlarning maqomi va vazifalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo`yicha ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish kabi 8 ta yangi vazifalar belgilandi.