KORRUPSIYa KEChA YoKI BUGUN PAYDO BO`LGAN EMAS…
Gerodotning «Tarixlar» kitobi, 5-kitob, 25-bobiga ko`ra, eramizdan avvalgi VI asrda Fors qiroli Kambis II hukmronligi davrida Fors imperiyasida xizmat qilgan sudya Sisamnes tomonlarning biridan pul olib, qarorni o`sha taraf foydasiga chiqarib beradi.
Bundan xabar topgan qirol Kambis II sudyani terisini shilishni va ushbu terini Sisamnes sudyalik paytida o`tirgan o`rindiqqa qoplashni buyuradi. Bu hammasi emas edi…Shoh Kambis II Sisamnesni o`g`lini sudya etib tayinlab, ish jarayonida aynan otasining terisi qoplangan o`rindiqda o`tirishga majbur qiladi. Toki sudda ish ko`rayotgan chog`ida qaysi kursida o`tirganini unutmasligi uchun!
Korrupsiyaning tarixiy o`zaklari juda juda qadimga borib taqalib, bu hol qabilada ma’lum mavqega ega bo`lish uchun qabila sardorlariga sovg`alar berish odatidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. O`sha davrlarda bu normal holat sifatida qabul qilingan. Biroq davlat apparatining murakkablashuvi va markaziylashuvi korruptsiyaning davlat rivojlanishiga katta to`siq ekanligini ko`rsatdi. Korrupsiyaga qarshi kurashgan birinchi davlat sifatida qadimgi Shumer davlati tan olinadi. Qadimgi davlatlarni ayniqsa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo`rligi qattiq tashvishga solganligi bizgacha saqlanib qolgan manbalardan ma’lum. Chunki bu holat davlatning obro`siga juda qattiq putur yetkazardi. Dunyoning yetakchi dinlarida ham birinchi navbatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo`rligi qattiq qoralanadi. Jumaladan, Injilda “Sovg`alarni qabul qilma, chunki sovg`a ko`rni ko`radigan qiladi va haqiqatni o`zgartiradi” deyilgan bo`lsa, Qur’oni karimda poraxo`rlik bevosita taqiqlanadi: “Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo`l bilan yemang. Bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini yeyishingiz uchun uni hokimlarga gunohkorona tashlamang” (Baqara surasi, 188 oyat) deyilgan.
Korrupsiya –– bu jamiyatni turli yo`llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to`sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
Ta’kidlab o`tish o`rinliki, ushbu zararli hodisa katta va kichik, badavlat va kambag`al bo`lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi. Ushbu zararli illatni bartaraf etish bo`yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotgan bo`lsada, hanuzgacha u bartaraf etilmayapti.
Dunyo korruptsiyadan eng kam ziyon ko`rayotgan 6 davlati bilan faxrlansa arziydi: Daniya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Singapur va Shvetsiya.
Singapur davlati 1965 yil mustaqillikka erishgach korruptsiya darajasi eng yuqori bo`lgan davlatlar qatorida turar edi. Lekin bu illatga qarshi o`tkazilgan bir qator tadbirlar bu davlatda korruptsiyaning minimal darajaga tushishiga olib keldi. Birinchi navbatda bu yerda byurokratik jarayonlar yengillashtirilib sud tizimining mustaqilligi oshirildi (sudьyalarning daromadlari va imtiyozlarini oshirish evaziga). Shu bilan birga korruptsiya jinoyatlari uchun sanktsiyalar og`irlashtirilib, fuqarolarga korruptsiyaga qarshi jinoyatlarni tergov qilishda hamkorlik qilishda bosh tortganligi uchun juda katta moliyaviy sanktsiyalar belgilandi. Bir qator davlat idoralarida ommaviy “tozalashlar” o`tkazilib bu jarayonlar telekanallar orqali butun mamlakatga namoyish qilindi. Yuqorida sanab o`tilgan omillarning hammasi Singapurni qisqa muddatlarda korruptsiya darajasi eng past mamlakatlar ro`yxatida ilg`or davlatlar qatoriga olib chiqdi. Shuningdek, davlat xizmatchisining ahloq standartlariga rioya etishini qattiq nazorat ostiga olish ham Singapur davlatida korruptsiyaga qarshi kurashda muhim dastaklardan biri bo`lib xizmat qiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashda jahon mamlakatlari tajribasini o`rganish shuni ko`rsatadiki faqatgina jinoiy qonunchilikni og`irlashtirish yo`li bilan bu salbiy illatga qarshi kurashib bo`lmaydi (XXR da juda ko`p miqdorda pora olganlik uchun o`lim jazosi mavjud). Bu illatni yengish uchun birinchi navbatda aholining huquqiy savodxonligini oshirish, fuqarolik institutlari faoliyatini kuchaytirish lozim bo`ladi.
Ommaviy nashrlar ma’lumotlari asosida tayyorlandi
“Sharg`unko`mir” AJ matbuot xizmati