Janubiy Afrika Respublikasining “Sasol” kompaniyasi delegatsiyasi “Sharg‘unko‘mir” AJga tashrif buyurdi.
2026-yil 17-mart kuni Janubiy Afrika Respublikasining “Sasol” kompaniyasi ijrochi vitse-prezidenti doktor Sarushen Pillay boshchiligidagi delegatsiya “Sharg‘unko‘mir” AJga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida delegatsiya jamiyat faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari hamda mavjud konlar bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlar konlarning salohiyati va istiqbolli imkoniyatlariga alohida qiziqish bildirdi.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi — “Sharg‘unko‘mir” AJ da ishlab chiqarilayotgan ko’mir mahsulotini qayta ishlagan holda qo’shimcha qiymat yaratishni tashkil etish hamda mavjud resurslardan yanada samarali va keng ko‘lamda foydalanish istiqbollarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Mazkur uchrashuv kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: Sasol Limited – 1950-yilda tashkil etilgan Janubiy Afrika energetika va kimyo kompaniyasi. Kompaniyada qariyb 28,1 ming nafar xodim faoliyat yuritadi. Umumiy aktivlari taxminan $22 mlrd, 2024-yil yakunlari bo‘yicha daromadi esa $16,6 mlrd tashkil etadi. Kompaniya faoliyati 22 ta davlatni qamrab oladi, jumladan Janubiy Afrika, Mozambik, AQSH, Germaniya, Italiya va Slovakiya davlatlari.





