Aholini ro`yxatga olishda eng ko`p berilayotgan savollarga javob berildi
So`rovnomada yer maydoni mollar sonini ko`rsatdik, keyin uyimizga soliqchi kelmaydimi?— ushbu va boshqa savollarga javob berildi.
O`zbekistonda 15 yanvarь kuni boshlangan aholi va qishloq xo`jaligini ro`yxatdan o`tkazish qizg`in davom etmoqda. 16 yanvarь soat 19:00 holatiga census.stat.uz portali orqali jami xonadonlarning 13 foizi onlayn ro`yxatdan o`tgan.
Ro`yxatdan o`tish jarayonida aholidan ko`plab savollar kelib tushmoqda. Milliy Statistika qo`mitasi matbuot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov ularga javob berdi.
Eng ko`p berilayotgan savollarga javoblar:
Oilamizdan bir kishi barchamizni ro`yxatdan o`tkazdi. Shu yetarlimi yoki barchamiz alohida qaytadan o`tishimiz kerakmi?
— Bir kishi butun oilasini ro`yxatdan o`tkazishi mumkin. Ma’lumotlar to`liq va to`g`ri taqdim etilsa, bu yetarli hisoblanadi.
“Telefon qurilmasi talabga javob bermaydi” degan yozuv chiqyapti. Bu nimani anglatadi?
— Bu holatda telefoningizning operativ xotirasi kam yoki brauzeringiz eski bo`lishi mumkin. Imkoni bo`lsa, kompьyuter yoki boshqa qurilmadan urinib ko`ring.
Mahalla/ko`cha nomi chiqmayapti. Nima qilsam bo`ladi?
— Bunday holatda siz mahalla/ko`cha nomini mustaqil ravishda yozib qo`yishingiz mumkin.
Qaynota-qaynona, aka-uka, opa-singil va boshqalarni ham ro`yxatga kiritishim kerakmi?
— Agar siz ular bilan birga yashamasangiz, ularni kiritishingiz shart emas. Ular o`zlari yashab turgan turar joyi bo`yicha alohida ro`yxatdan o`tishadi.
16 yoshgacha bo`lgan qizlarda “Nechta farzand dunyoga keltirgansiz?” savolida “yo`q” javobini belgilab bo`lmayapti.
Agar respondent farzandli bo`lmagan bo`lsa, “0” deb belgilashi mumkin.
Ro`yxatdan o`tdim, lekin sertifikatimni yuklab ololmayapman.
— Agar siz ro`yxatdan o`tgan bo`lsangiz, OneID tizimi orqali saytga kirib, o`ng tomon yuqori qismda joylashgan ism-familiya ustiga bosgan holda sertifikatni yuklab olishingiz mumkin.
Savolnomada sotixni yoza olmayapman.
— 1-shaklning 2-savolida yakka tartibdagi xovli yoki kvartiraning umumiy qurilish maydoni kvadrat metrda butun sonlarda ko`rsatiladi.
5-shaklda esa umumiy yer maydoni va qishloq xo`jaligi yer maydoni sotixda ko`rsatiladi.
Biz bergan ma’lumotlar soliqqa tortilmaydimi? Qishloq xo`jaligi bo`yicha yer maydoni va chorva mollari sonini ko`rsatdik. Keyin uyimizga soliqchi kelmaydimi?
— Yo`q, aslo bunday holat yuzaga kelmaydi. Ro`yxatga olish jarayonida berilgan barcha ma’lumotlar qonunga asosan maxfiy saqlanadi hamda soliqqa tortish yoki tekshiruv o`tkazish uchun ishlatilmaydi. Savolnomada ko`rsatilgan javoblar boshqa idoralarga taqdim etilmaydi.
Savolnomada birinchi shaxs deganda kim nazarda tutiladi?.
— Birinchi shaxs bu — ma’lumotlarni to`ldiruvchi shaxs hisoblanadi. Savolnomada ma’lumotlari to`ldiriladigan keyingi oila a’zolari birinchi shaxsga nisbatan qarindoshlik darajasi belgilanib, kiritiladi.
So`rovnomani xatolik bilan to`ldirgan bo`lsam, qaytadan kiritishim mumkinmi?
— Ha. Agar ma’lumotlar xatolik bilan kiritilgan bo`lsa, 31 yanvarga qadar qaytadan onlayn ro`yxatdan o`tish imkoniyati mavjud.
Men hozirda boshqa tumanda istiqomat qilaman, doimiy propiskam esa boshqa hududda. Savolnomada qaysi joyni kiritishim kerak?
— Ro`yxatdan o`tish jarayonida fuqaro aynan hozirgi vaqtda, ya’ni, ro`yxatga olish davrida yashab turgan joyini ko`rsatishi lozim.
So`rovnomadagi “respondent” so`zi nimani anglatadi?
— Respondent — ro`yxatga olish sanasida O`zbekiston Respublikasi hududida bo`lgan O`zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar, shuningdek, doimiy yashash joyi O`zbekistonda bo`lib, ro`yxatga olish sanasida mamlakat hududidan tashqarida bo`lgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolaridir.
Login va parol so`ralyapti. Uni qayerdan olishim mumkin?
— Login va parol OneID tizimiga kirish jarayonida talab etiladi. Agar akkauntingiz mavjud bo`lsa, avval o`rnatilgan login va parolni kiriting. Agar unutgan bo`lsangiz, JShShIR orqali tiklashingiz mumkin.
Chet eldagi oila a’zolarimizni ham ro`yxatga kiritamizmi?
— Ha, hozirda ma’lum sabablarga ko`ra xorijda vaqtincha bo`lib turgan oila a’zolaringizni ham ro`yxatdan o`tkazishingiz mumkin. Shuningdek, ular o`zlari boshqa davlatda bo`lib turgan holatda ham census.stat.uz sayti orqali onlayn ro`yxatdan o`tishi mumkin.
Qancha harakat qilsam ham census saytida xatolik yuz berdi deb chiqyapti. Nima qilsam bo`ladi?
— Bu holat, asosan, sayt Telegram’ning ichki brauzeri orqali ochilganda kuzatilmoqda. Muammoni bartaraf etish uchun census.stat.uz saytini telefonda alohida internet brauzer orqali (Chrome, Mozilla, Opera yoki Google)dan ochib ko`ring.