DUNYO KONSTITUTSIYALARI
Konstitutsiya mamlakatning asosiy qonuni bo`lib, davlat va jamiyat qurilishi, insonning huquq va majburiyatlarini o`zida aks ettirgan oliy yuridik kuchga ega hujjat hisoblanadi. U rasman muayyan davlatning siyosiy-huquqiy tamoyillari umumlashmasidir.
Ayrim manbalarda dastlabki konstitutsiya sifatida 1787 yili Filadelьfiyada qabul qilingan AQSh konstitutsiyasi tilga olinadi. Aslida undan oldin qabul qilingan konstitutsiyalar ham bor. Bu dunyodagi eng kichik davlatlardan biri – San-Marino (hamma tomondan Italiya hududi bilan o`ralgan) Respublikasining 1600 yilda qabul qilingan asosiy qonunidir. 1710 yil 5 aprelda qabul qilingan Filipp Orlik konstitutsiyasini ham ba’zida Yevropaning ilk konstitutsiyasi sifatida e’tirof etishadi.
* * *
Konstitutsiyaning ibtidosi aslida qadimgi Afina huquqiy hujjatlari bo`lsa ajab emas. «Konstitutsiya» so`zi lotinchada constitutio – tuzum, tuzilish ma’nosini anglatadi. Bundan qariyb to`rt ming yil avval qadimgi Bobilda yaratilgan Xammurapi qonunlarida ham konstitutsiyaga xos ko`pgina jihatlar o`z aksini topgan.
* * *
Sharq mamlakatlarida diniy ta’limot, xususan, islom dini ko`rsatmalari, shariat qoidalari konstitutsiya vazifasini ham bajarib kelgan. Bundan tashqari, ulug` ajdodimiz Yusuf Xos Xojib «Qutadg`u bilig» («Saodatga boshlovchi bilim») asarida davlat, jamiyat va inson o`rtasidagi munosabatlar qanday bo`lishi lozimligiga batafsil to`xtalgan. Sohibqiron Amir Temurning «Tuzuklar»i bu borada qimmatbaho siyosiy, huquqiy, ma’rifiy qo`llanma bo`lib, undagi ko`pgina g`oyalar hozirgacha o`z ahamiyatini yo`qotmagan.
* * *
Chingizxon tuzgan imperiya hududida “Yasa” eng oliy qonun sifatida tatbiq etilgan. Maqomi jihatidan konstitutsiya bilan barobar turuvchi bu hujjat bir vaqtning o`zida fuqarolik va jinoyat kodeksi hamda armiya nizomi vazifalarini ham bajarar edi.
* * *
Hindiston konstitutsiyasi hajman dunyodagi eng katta konstitutsiyalardan biri hisoblanadi. 1949 yil 26 noyabrda qabul qilingan bu konstitutsiya 395 modda, 12 ta yirik ilova, 117400 ta so`zdan iborat. Ushbu huquqiy hujjat qabul qilingandan buyon 500 dan ortiqroq o`zgartish va qo`shimcha kiritilgan, 80 ta yangi modda qo`shilgan, qariyb 20 ta modda bekor qilingan. Qiyoslash uchun quyidagi ma’lumotga e’tibor bering: AQSh konstitutsiyasi hajman eng kichik – 4400 so`zdan iborat bo`lishiga qaramay qabul qilingandan buyon o`tgan ikki asrdan oshiqroq vaqt mobaynida bor-yo`g`i 27 ta o`zgartish kiritilgan. Shuning 10 tasi «Inson huquqlari haqida bill» deb nomlanadi. AQSh konstitutsiyasining ilk matnida asosiy e’tibor federal davlat tuzilishiga qaratilgan bo`lib, inson huquqlariga oid normalar deyarli yo`q edi.
Hindiston konstitutsiyasida inson huquq va majburiyatlari yaxlit holda berilmay, juda ko`plab moddalar mazmuniga singdirib yuborilgan.
* * *
Amerika Qo`shma Shtatlari demokratik davlat sifatida ma’lum va mashhur bo`lsa-da, uning konstitutsiyasida «demokratiya» so`zi qo`llanmagan.
«Demokratiya» so`zi xalq hokimiyati ma’nosini bildiradi. O`zbekiston konstitutsiyasining 7-moddasida «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir» deyilgan. Bu so`zlar davlatning demokratik taraqqiyot yo`lini tanlagani, inson huquqlarini oliy qadriyat deb bilishining ifodasi hisoblanadi.
* * *
Dunyoda konstitutsiyaga ega bo`lmagan davlatlar ham bor. Buyuk Britaniya va Yangi Zelandiya konstitutsion qonunchilik rivojlangan demokratik davlatlar sanalsa-da, konstitutsiya deb nomlanuvchi yaxlit huquqiy hujjatga ega emas. Buyuk Britaniyada konstitutsiyaviy huquqlar parlament qabul qiladigan qonunlarda o`z aksini topadi. Bu yerda 1689 yildayoq «Xabeas korpus akti» qabul qilingan edi.
* * *
Huquqshunos, doktor Akmal Saidovning tahlili va hisob-kitobiga ko`ra, shu vaqtga qadar dunyo bo`yicha mingdan ortiq konstitutsiya qabul qilingan.
Ommaviy axborot nashrlaridan olindi