“Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasiga aylanib borayotgan Qadim Buxoroga va qoʻhna Samarqand shaharlariga ikki kunlik sayohat uyushtirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-apreldagi 232-sonli “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori, shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan 2022-yil 19-sentyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida koʻrsatib oʻtilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, «Shargʻunkoʻmir» AJ maʼmuriyati va «Shargʻunkoʻmir» AJ kasaba uyushmasi qoʻmitasi tashabbusi bilan “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasiga aylanib borayotgan Qadim Buxoroga va qoʻhna Samarqand shaharlariga ikki kunlik sayohat uyushtirildi.
Sayohatga uchastkalardan tavsiya qilingan ilgʻor xotin-qizlar, jami 19 nafar munosib xodimlar jalb qilindi.
Dastur doirasida sayohatchilar «Etti pir» ziyoratgohlarini yaʼni buyuk mutasavvuf olim Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy, gʻarbu sharqda maʼlum va mashhur Xoja Orif Revgariy, Xoja Maxmud Anjir Fagnaviy, «Azizon» taxallusi bilan mashhur boʻlgan Xoja Ali Romitaniy, xojagon-naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi Xoja Muxammad Boboyi Samosiy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiyga murid tushgan Xoja Sayyid Amir Kulol, islom olamining eng mashhur avliyolaridan biri Xoja Baxouddin Naqshband qadamjolarini ziyorat qilishdi.
Ikkinchi kuni mahobatli Registon maydoni, buyuk sarkarda Amir Temur maqbarasi, Bibixonim madrasasi, buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi, Xoja Doniyor maqbarasi, Shoxi Zinda ansambli, islom dunyosi buyuk muhaddis olimi Imom Buxoriy ziyoratgohi kabi tarixiy va muqaddas obidalarimiz bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, sayohatchilarimiz Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasi hamda uyini ziyorat qildilar, yaqinda bunyod etilgan Samarqand turizm markazi hamda “Boqiy shahar”ni tomosha qildilar.
Mamlakatimiz boʻylab sayohatga chiqish – bu maftunkor yurtimizning tarixini oʻrganish, buyuk ajdodlarimizning tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishish, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish, shuningdek xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari va anʼanalaridan bahramand boʻlishga imkoniyatdir.
Oʻylaymanki, Markaziy Osiyoning durdonasi hisoblanmish qadim Buxoro va koʻhna Samarqand shaharlariga sayohat barchada yaxshi taasurot qoldirdi, biz kelgusida goʻzal yurtimizning bu kabi boshqa muqaddas goʻshalariga ham sayohatlar uyushtirishni maqsad qilganmiz.
«Shargʻunkoʻmir» AJ kasaba uyushma qoʻmitasi