149 ko'rishlar

“Shargʻunkoʻmir” AJ bosh direktori Xamza Naimovich Abdullayev konchilarni “Oʻzbek tili bayrami” kuni munosabati bilan tabrikladi.

Hurmatli konchilar!

Sizlarni va Sizlar orqali oila a’zolaringizni yurtimizda bo’layotgan 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy muborakbod etaman!

Ona tili mamlakatning gʻururi, iftixori hisoblanadi. Millatning madaniyati, maʼnaviyati, ziyolilik darajasi ona tiliga munosabatda ham aniq koʻrinadi. Oʻzbek tili oʻzbek xalqining milliy boyligi sifatida qadim-qadimdan bugungacha ajdodlarimiz tomonidan eʼzozlanib, ardoqlanib, sayqallanib kelinmoqda.

Til – davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va maʼnaviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir.

Dunyo xalqlari va millatlarining madaniy oʻzagi va asosiy muloqot manbai bu ularning milliy tili hisoblanadi. Shunday ekan har bir tilning saqlanishi hamda yosh avlodga yetkazilishi, xalq taraqqiyoti va uning kelajagini belgilaydi. Birgina til koʻplab xalqlarni oʻzaro birlashtiradi, tarbiyalaydi, oʻqitadi, urf-odat, anʼana va madaniyatlarini saqlaydi, uni avloddan avlodga oʻtishini taʼminlaydi.

Oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlidagi muhim siljishlardan biri boʻlib, ona tilimizning bor goʻzalligi va jozibasini toʻla namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Shuningdek, davlat oʻzbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini taʼminlabgina qolmay Oʻzbekiston hududida istiqomat qiluvchi va mamlakatimizga xorijdan kirib kelayotgan barcha millat va elatlarning tillarini hurmat qilinishini taʼminladi, yaʼni chegara bojxona postlari orqali yurtimizga kirib kelayotgan chet el fuqarolari oʻzbek tilida yoki boshqa jahon tillarida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyalarini toʻldirishlari va muloqotda boʻlishlari mumkin boʻldi. Bugun Chegara bojxona postlarida fuqarolarga koʻrsatmalar, maʼlumotlar, xabarlar va yoʻlovchi bojxona deklaratsiyalari oʻzbek, rus va ingliz tillarida yetkazilishi yoʻlga qoʻyilgan. Bu ham boshqa davlatlardan tashrif buyuruvchilarga qulaylik va ularning tillariga nisbatan hurmatni bildiradi.

Aziz konchilar!

Sizlarni yana bir bor Oʻzbek tili bayrami bilan samimiy qutlab, barchangizga mustahkam salomatlik, oilangizga qut-baraka, tinchlik va omonlik tilayman.

Ona tilimizning soʻnmas ziyosi ongu tafakkurimiz, qalblarimizni hamisha yoritib tursin!

Hurmat bilan

“Sharg’unko’mir” AJ bosh direktori

Xamza Nayimovich Abdullayev