Aksiyadorlarning umumiy yig’ilishini o’tkazish to’g’risidagi axborot

Aksiyadorlarning umumiy yig’ilishini o’tkazish to’g’risidagi xabar aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi o’tkaziladigan sanadan kamida yetti kundan kechiktirmay, lekin uzog’i bilan o’ttiz kun oldin jamiyatning rasmiy veb-saytida, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi, shuningdek aksiyadorlarga elektron pochta orqali yuboriladi.

Jamiyat davlat vakilini aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi o’tkaziladigan sanadan kamida yetti kun oldin yozma shaklda xabardor qilishi shart.

Aksiyadorlarning umumiy yig’ilishini o’tkazish to’g’risidagi xabarda quyidagilar ko’rsatilishi kerak:

jamiyatning nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) va elektron pochta manzili;

umumiy yig’ilish o’tkaziladigan sana, vaqt va joy;

jamiyat aksiyadorlarining reestri shakllantiriladigan sana;

umumiy yig’ilish kun tartibiga kiritilgan masalalar;

umumiy yig’ilishni o’tkazishga tayyorgarlik ko’rilayotganda aksiyadorlarga va davlat vakiliga taqdim etilishi lozim bo’lgan axborot (materiallar) bilan aksiyadorlarni va davlat vakilini tanishtirish tartibi.

Aksiyadorlarning umumiy yig’ilishini o’tkazishga tayyorgarlik ko’rilayotganda aksiyadorlarga va davlat vakiliga taqdim etilishi lozim bo’lgan axborotga (materiallarga) jamiyatning yillik hisoboti, jamiyatning yillik moliya-xo’jalik faoliyatini tekshirish natijalari yuzasidan jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) va auditorlik tashkilotining xulosasi, jamiyat kuzatuv kengashining direktor (boshqaruv raisi), ishonchli boshqaruvchi bilan tuzilgan shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirish, shartnomani qayta tuzish yoki bekor qilish mumkinligi to’g’risidagi xulosasi, shuningdek jamiyatning kuzatuv kengashi hamda taftish komissiyasi a’zoligiga (taftishchiligiga) nomzodlar to’g’risidagi ma’lumotlar, jamiyatning ustaviga kiritiladigan o’zgartish va qo’shimchalar loyihasi yoki jamiyatning yangi tahrirdagi ustavi loyihasi kiradi.

Aksiyadorlarning umumiy yig’ilishini o’tkazishga tayyorgarlik ko’rilayotganda aksiyadorlarga va davlat vakiliga taqdim etilishi majburiy bo’lgan qo’shimcha axborotning (materiallarning) ro’yhati qimmatli qog’ozlar bozorini tartibga solish bo’yicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanishi mumkin.

Aksiyadorlarning umumiy yig’ilishini o’tkazishga tayyorgarlik ko’rish

Aksiyadorlarning umumiy yig’ilishini o’tkazishga tayyorgarlik ko’rilayotganda jamiyatning kuzatuv kengashi, ushbu qonun 65-moddasining o’n birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda esa, umumiy yig’ilishni chaqiruvchi shahslar quyidagilarni belgilaydi:

umumiy yig’ilish o’tkaziladigan sana, vaqt va joyni;

umumiy yig’ilishning kun tartibini;

umumiy yig’ilish o’tkazish uchun jamiyat aksiyadorlarining reestri shakllantiriladigan sanani;

umumiy yig’ilish o’tkazilishi haqida aksiyadorlarga va davlat vakiliga xabar qilish tartibini;

umumiy yig’ilishni o’tkazishga tayyorgarlik ko’rilayotganda aksiyadorlarga va davlat vakiliga taqdim etiladigan axborot (materiallar) ro’yxhatini;

ovoz berish byulletenining shakli va matnini.

Aniq masala qo’yilishini aks ettirmaydigan ta’riflarning (shu jumladan, «turli masalalar», «boshqa masalalar», «o’zga masalalar» va shu singari ta’riflarning) aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi kun tartibiga kiritilishiga yo’l qo’yilmaydi.

Aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi o’tkaziladigan sana uni o’tkazish to’g’risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran o’n kundan kam va o’ttiz kundan ko’p etib belgilanishi mumkin emas.